Autonomous University of Barcelona (UAB)

Ispaniyaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Autonomous University of Barcelona (katalancha nomi: Universitat Autònoma de Barcelona yoki qisqacha UAB) 1968-yilda tashkil etilgan. Mazkur universitet Ispaniyaning Kataloniya mintaqasida, Barselona shahriga yaqin joylashgan bo‘lib, ilm-fan, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik va keng kampus imkoniyatlari bilan tanilgan.
UAB o‘zining keng va zamonaviy kampusi bilan ajralib turadi. Bellaterra nomli bu kampus Barselona markazidan atigi 25 daqiqalik yo‘l bilan joylashgan bo‘lib, 263 gektar maydonni egallagan. Talabalar uchun barcha qulayliklar, jumladan kutubxonalar, sport inshootlari, talabalar yotoqxonasi (Vila Universitaria), restoranlar, do‘konlar va madaniy markazlar mavjud.
Bugungi kunda universitetda 35 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularning orasida xorijlik talabalar salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qiyotgan talabalarining qariyb 37 foizi xalqaro talabalardir. UAB ingliz, ispan va katalan tillarida ta’lim beruvchi ko‘p tilli dasturlarni taklif qiladi. Ayniqsa, magistratura dasturlarining qariyb 27 foizi ingliz tilida olib boriladi, bu esa xorijlik talabalar uchun qulaylik yaratadi.
Universitet 100 dan ortiq bakalavr, 140 dan ortiq magistr va 60 ga yaqin doktorantura dasturlarini taklif etadi. UAB ilmiy izlanishlar borasida ham yetakchi hisoblanadi. Har yili universitetda yuzlab ilmiy maqolalar nashr qilinadi, xalqaro ilmiy grantlar qo‘lga kiritiladi va innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Universitetning ilmiy markazlari, laboratoriyalari va tadqiqot institutlari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
Reytinglarga nazar tashlasak, UAB muntazam ravishda dunyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga kiradi. Masalan, 2025-yilgi QS World University Rankingsda UAB dunyo bo‘yicha 175-o‘rinni, Ispaniya bo‘yicha esa 3-o‘rinni egallagan. Shuningdek, CWUR (Center for World University Rankings) reytingida esa Ispaniyada 1-o‘rin va butun dunyo bo‘yicha 126-o‘ringa loyiq topilgan.
UABda ta’lim olish nafaqat akademik jihatdan, balki shaxsiy rivojlanish nuqtayi nazaridan ham katta imkoniyatlar yaratadi. Talabalar o‘zlarini ijtimoiy, madaniy va sport sohalarida sinab ko‘rishlari, turli xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashishlari va global tarmoqda o‘z o‘rnini topishlari mumkin.